Jinoyat ishlarini nazorat tartibida koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 31-band. Jinoyat-protsessual qonuni normalarining hukm bekor qilinishiga sabab boʻladigan darajada…

Jinoyat-protsessual qonuni normalarining hukm bekor qilinishiga sabab boʻladigan darajada jiddiy buzilishi tushunchasi JPK 487-moddasida ifodalangan. Jinoyat-protsessual qonuni normalarining hukm bekor qilinishiga sabab boʻladigan darajada jiddiy buzilishi aniqlanganda, nazorat instansiyasi sudi ish kimning shikoyati (protesti) boʻyicha koʻrilayotganidan qatʼiy nazar, yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishi daxl etgan barcha mahkumlarga nisbatan sud qarorlarini bekor qilishi shart. Bunday talabga nafaqat JPK 487-moddasi ikkinchi qismida koʻrsatib oʻtilgan qonun buzilishlari aniqlanganda, balki ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlganda, yaʼni jinoyat-protsessual qonuni normalarining boshqacha tarzda buzilishi ayblanuvchi, sudlanuvchi va protsess boshqa ishtirokchilarini qonunda belgilangan huquqlaridan mahrum qilgan yoki cheklagan, sudga ish holatlarini har tomonlama, toʻla va xolisona aniqlashga xalal bergan hamda qonuniy va asosli hukm chiqarishga boshqacha tarzda taʼsir etgan yoki taʼsir etishi mumkin boʻlgan holda ham (ayb eʼlon qilinmaganligi, sudlanuvchiga ayblov xulosasi nusxasining berilmaganligi, qonunga koʻra oʻtkazilishi shart boʻlgan ekspertiza oʻtkazilmaganligi, sudlanuvchiga oxirgi soʻz berilmaganligi va boshqalar) rioya etilishi lozim. Shuni nazarda tutish lozimki, jinoyat-protsessual qonuni normalari jiddiy buzilganligining aniqlanishi nazorat instansiyasi sudini shikoyatda (protestda) keltirilgan boshqa vajlar (ayblovning isbotlanganligi, kvalifikatsiyaning toʻgʻriligi, jazoning adolatliligi toʻgʻrisida va h.k.)ni ham mazmunan koʻrib chiqish va ular boʻyicha ajrimda (qarorda) tegishli xulosa chiqarish majburiyatidan ozod etmaydi. Jinoyat ishi boʻyicha yoʻl qoʻyilgan jinoyat-protsessual qonunining buzilishi hollari nazorat instansiyasi sudi tomonidan sud qarorlari bekor qilinib, ishning JPK 83 , 84-moddalariga muvofiq tugatilishiga toʻsiq boʻlmaydi.