Shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod etishni nazarda tutuvchi amnistiya aktiga zid ravishda yoki jinoiy javobgarlikka tortish muddati oʻtgandan soʻng jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan hollarda, sud qarorlari, garchi ularda mahkum jazodan ozod qilingan boʻlsa ham, bekor qilinib, ish tugatilishi kerak. Agar nazorat instansiyasi mahkumning harakatlarini JK boshqa moddasiga qayta kvalifikatsiya qilish kerakligi toʻgʻrisida xulosaga kelsa va bu modda shaxsni jazodan ozod etishni nazarda tutuvchi yoki jazo qoʻllanilishini istisno etuvchi amnistiya akti taʼsiri doirasiga tushsa, nazorat instansiyasi birinchi, apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudi qabul qilishi shart boʻlgan qaror chiqarishi kerak. Mahkumning harakatlari JK boshqa moddasiga qayta kvalifikatsiya qilinib, bu modda boʻyicha shaxs JPK 463-moddasi ikkinchi qismi 2-bandi hamda uchinchi qismi 2 va 5-bandlariga muvofiq jazodan ozod qilinishi lozim boʻlgan yoki unga nisbatan jazo tayinlanishi istisno etilgan hollarda ham shunday qaror qabul qilinishi lozim.