Jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplashga oid qonunchilikni qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 7-band. Mulkiy ziyon sudlanuvchi va jinoyat ishi qismi alohida yurituvga ajratilgan boshqa…

Mulkiy ziyon sudlanuvchi va jinoyat ishi qismi alohida yurituvga ajratilgan boshqa shaxsning birgalikdagi harakatlari natijasida yetkazilgan hollarda sud mulkiy ziyonni toʻla hajmda qoplash majburiyatini sudlanuvchi zimmasiga yuklaydi. Ishi alohida yurituvga ajratilgan shaxsga nisbatan keyinchalik ayblov hukmi chiqarilayotganda sud unga mulkiy ziyonni muqaddam sudlangan mahkum bilan solidar qoplash majburiyatini yuklashga haqli (FK 1000-moddasi ). Agar mulkiy ziyon sudlanuvchi va jinoyat ishi JPK 84-moddasiga muvofiq tugatilgan boshqa shaxs bilan birgalikda yetkazilgan boʻlsa, sud mulkiy ziyonni toʻla hajmda qoplash majburiyatini sudlanuvchiga yuklaydi va fuqaroviy daʼvogarga ishi tugatilgan shaxsga nisbatan mulkiy ziyonni mahkum bilan solidar qoplash toʻgʻrisida fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida daʼvo qoʻzgʻatish huquqini tushuntiradi. Sud hukmida birgalikdagi harakatlar natijasida yetkazilgan zararning sudlanuvchidan jinoyat ishi tugatilgan yoki alohida yurituvga ajratilgan shaxslar bilan solidar tartibda undirilishi toʻgʻrisida koʻrsatma berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.