Jinoiy hodisa yuz bermaganligi yoki shaxsning jinoyatga daxli boʻlmaganligi, shuningdek, shaxs tomonidan harakat zaruriy mudofaa chegarasidan chiqmagan holda sodir etilganligi munosabati bilan oqlov hukmi chiqarilayotganda, sud JPK 283-moddasi ikkinchi qismi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sud hukmi toʻgʻrisida”gi 2014-yil 23-maydagi 7-sonli qarori 10-bandi toʻrtinchi xatboshisiga binoan oqlangan shaxsga nisbatan fuqaroviy daʼvoni JPK 283 — 285 moddalari qoidalariga muvofiq hal etadi. Shaxsga nisbatan jinoyat ishi JPK 84-moddasi birinchi qismining 1 — 8-bandlari , beshinchi qismining 1 , 3-bandlariga muvofiq tugatilgan holda unga nisbatan fuqaroviy daʼvo koʻrmay qoldiriladi va manfaatdor shaxslarga ularning fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida daʼvo qoʻzgʻatish huquqi tushuntiriladi. Jinoyat ishi apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida yuqorida koʻrsatilgan asoslarga binoan tugatilganda ham fuqaroviy daʼvoga nisbatan shunday oqibatlar yuzaga keladi. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, FK 163-moddasiga muvofiq, jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyonni talab qilishda daʼvo muddati qoʻllanilmaydi.