Mulkiy ziyon yetkazilgan har bir jinoyat ishi boʻyicha hukm chiqarilayotganda, sud fuqaroviy daʼvoni hal etishi, daʼvo qoʻzgʻatilmagan boʻlsa, mulkiy ziyonni qoplash masalasini oʻz tashabbusi bilan muhokama qilishi lozim. Bunda ish materiallarida xatlangan mol-mulkning yoʻqligi mulkiy ziyonni qoplash toʻgʻrisidagi masalani koʻrmasdan qoldirish uchun asos boʻla olmaydi, chunki bunday mol-mulk hukm ijrosi jarayonida ham aniqlanishi mumkin. Fuqaroviy daʼvoga oid masalasini hal etishda sud JPK 467-moddasiga muvofiq ayblov hukmining tavsif qismida daʼvoni toʻla yoki qisman qanoatlantirish yoxud rad etish asoslarini, jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyon xususiyati va miqdorini koʻrsatishi, shuningdek, mulkiy ziyon miqdoriga tegishli hisoblash yakunlarini keltirishi hamda fuqaroviy daʼvoni hal qilish uchun asos qilib olingan qonun normasini qayd etishi lozim. Jinoyat protsessida qoʻzgʻatilgan fuqaroviy daʼvoning rad etilishi daʼvogarni oʻsha shaxsga nisbatan va aynan oʻsha asoslar boʻyicha fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida daʼvo qoʻzgʻatish huquqidan mahrum etadi. Agar fuqaroviy daʼvogarning daʼvodan voz kechishi qonunga xilof boʻlsa yoki davlat yoxud boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzsa, sud daʼvodan voz kechishni qabul qilmaydi (FPK 40-moddasi beshinchi qismi ). Jinoyat protsessida fuqaroviy daʼvo qoʻzgʻatmagan shaxs, shuningdek daʼvosi koʻrmasdan qoldirilgan shaxs uni fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida qoʻzgʻatish huquqiga ega.