Sudga davlat boji toʻlanmagan ariza kelib tushganda, sudya qonun boʻyicha davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan shaxslar roʻyxatiga arizachi kirishi yoki kirmasligini tekshirishi shart (“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunning 10-moddasi ). Agar arizachi qonunga koʻra, davlat bojini toʻlashdan ozod qilinmagan boʻlsa va arizada uni toʻlashni kechiktirish, boʻlib-boʻlib toʻlash haqida iltimosnoma mavjud boʻlmasa, shuningdek pochta xarajatlari toʻlanmaganda, sudya toʻlanishi lozim boʻlgan davlat boji, pochta xarajatlari summasini hamda ushbu kamchilik bartaraf qilingandan soʻng arizachining umumiy tartibda takroran murojaat qilish huquqini koʻrsatgan holda arizani qaytarish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi (MSIYUtK 134-moddasi ). Qonun boʻyicha sudya maʼmuriy sudga murojaat qilishda toʻlanishi lozim boʻlgan davlat bojini toʻlashdan toʻliq yoki qisman ozod etish huquqiga ega emasligini nazarda tutish lozim. Biroq, arizachining mulkiy ahvolidan kelib chiqib, (masalan, ish haqi (daromadi), uning mulkida boʻlgan mol-mulklari, bankdagi mablagʻlari, voyaga yetmagan farzandlari, boshqa qaramogʻidagilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va h.k.) sudya davlat bojini toʻlashni kechiktirishni yoki boʻlib-boʻlib toʻlash masalasini arizani ish yurituvga qabul qilish va ishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi ajrimda yoki arizachining iltimosnomasini qanoatlantirish haqidagi alohida ajrimda hal qilishga haqli.