Umumiy qoidaga koʻra, ish boʻyicha sud xarajatlarini nizoda nohaq boʻlib chiqqan taraf toʻlaydi. Sud xarajatlarini taraflar oʻrtasida taqsimlash va ularni davlat foydasiga undirish MSIYUtK 115-moddasi bilan tartibga solinadi. Shu sababli sud muhokamasi jarayonida sud (sudya) sud xarajatlari bilan bogʻliq holatlarni tekshirishi, bu holatlar boʻyicha sud hujjatining asoslantiruvchi qismida tegishli xulosalar qilishi va, nafaqat undiruvga boʻlgan huquqni, balki ish boʻyicha tarafdan (taraflardan) undirilishi lozim boʻlgan aniq summani belgilashi hamda shu summani sud hujjatining xulosa qismida koʻrsatishi lozim. Tadbirkorlik subyektlari oʻzlarining huquq va qonuniy manfaatlari himoyasida mahalliy davlat hokimiyati organlarining, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, maʼmuriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli boʻlgan boshqa organlarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga murojaat qilganda davlat bojini toʻlashdan ozod qilinganligi, ishning natijasi boʻyicha talablarini qanoatlantirish toʻliq yoki qisman rad etilgan taqdirda, davlat boji ulardan talablarining qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undirilishi sudlarga tushuntirilsin (“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 10-moddasi birinchi qismining 1-bandi va ikkinchi qismi). Kichik tadbirkorlik subyektlari va jismoniy shaxslarning talablari qanoatlantirilganda davlat boji javobgardan (davlat boji toʻlashdan ozod qilinmagan boʻlsa) qonunda arizachi uchun belgilangan stavkada undiriladi.