Maʼmuriy ishlar boʻyicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti toʻgʻrisida 21-band. Sudlar nazarda tutishi lozimki, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 10-moddasining birinchi…

Sudlar nazarda tutishi lozimki, “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 10-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar sud hujjatlari ustidan apellyatsiya, kassatsiya va taftish shikoyati bilan murojaat qilganda davlat bojidan ozod etilgan. Apellyatsiya, kassatsiya shikoyati, taftish tartibidagi shikoyatni qanoatlantirish rad etilgan taqdirda, sud “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonun 10-moddasining ikkinchi qismi talablaridan kelib chiqib, davlat boji masalasini hal qilishi lozim. 21¹. Shuni nazarda tutish lozimki, Oliy sudning sudyasi taftish tartibidagi shikoyatni oʻrganish davomida yuridik ahamiyatga molik boʻlgan bir qator harakatlarni amalga oshiradi. Shunga koʻra, agar, davlat boji oldindan toʻlanmagan boʻlsa-da, biroq buning uchun taftish shikoyati qaytarilmagan boʻlsa, shikoyatni Oliy sudning Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazish rad etilganda davlat boji umumiy asoslarda undirilishi lozim. 21². MSIYUtK 206-moddasining birinchi qismi, 230-moddasining birinchi qismi hamda 255-moddasining birinchi qismida apellyatsiya, kassatsiya va taftish protestlariga pochta xarajatlari toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi nazarda tutilmagan. Sudlarning eʼtibori protest asosida koʻrilgan ish boʻyicha sud xarajati ishni koʻrish natijasiga koʻra, tegishli tarafdan undirilishiga qaratilsin. Apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish shikoyatidan voz kechilgan va shikoyatdan voz kechish sud tomonidan qabul qilinib, shikoyat boʻyicha ish yuritish tugatilgan taqdirda toʻlangan davlat boji qaytarilmaydi, toʻlanmagan davlat boji esa shikoyat bergan shaxsdan undiriladi. Bu qoida apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish shikoyati koʻrmasdan qoldirilganida ham tatbiq etiladi.