Maʼmuriy organlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish boʻyicha sud amaliyoti haqida 19-band. Arizaning qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarni oʻtkazib berilishi uni qaytarish…

Arizaning qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarni oʻtkazib berilishi uni qaytarish uchun asos boʻlmaydi. Bunday hollarda ariza ish yuritishga qabul qilinib, mazmunan koʻrib chiqilishi lozim. Sud har bir ish boʻyicha arizachi tomonidan qonun bilan belgilangan sudga murojaat qilish muddatlariga rioya qilinganligini aniqlashi, mazkur muddatlar buzilganda esa, manfaatdor shaxs ushbu holatga eʼtibor qaratganligidan qatʼi nazar ularning oʻtkazib yuborilishi sabablarini muhokama qilishi lozim. Sudga murojaat qilish muddati arizachiga quyidagilar maʼlum boʻlgan kunning ertasidan boshlanadi: uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi; uning huquqlari va erkinliklarini amalga oshirishga toʻsiqlar vujudga keltirilganligi; uning zimmasiga biror-bir majburiyat yuklanganligi. Sudga murojaat qilish muddatiga rioya qilinishi masalasi ishni toʻgʻri hal qilish uchun ahamiyatga ega holat ekanligi sababli, uni tiklash yoki tiklashni rad etish toʻgʻrisidagi xulosalar, MSIYUtK 156-moddasi birinchi qismining 2-bandiga koʻra, sudning hal qiluv qarorida asoslantirilishi lozim. Agar sudga murojaat qilish muddati oʻtkazib yuborilgan yoki oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash sud tomonidan rad etilgan boʻlsa, arizani qanoatlantirish rad qilinadi.