Koʻrilgan zararni toʻlash miqdori jabrlanuvchining mehnat jarohati olguniga qadar oladigan ish haqiga nisbatan foizlarda, kasb boʻyicha mehnatga layoqatsizlik darajasiga qarab belgilanadi. Jabrlanuvchilarning mehnat jarohati tufayli mehnatga layoqatsizlik darajasi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi (TIEK) tomonidan aniqlanadi. Ish haqi yoki uning bir qismini qoplashda, jabrlanuvchiga mehnatda jarohat olishi tufayli tayinlangan nogironlik pensiyasi, shuningdek, mehnat jarohati olgunga qadar va undan keyin tayinlangan pensiyalarning boshqa turlari hisobga olinmaydi. Shuningdek, jabrlanuvchining jarohat olganidan keyingi ish haqi zararni qoplashda hisobga olinmaydi. Bunda mehnatda mayib boʻlgan jabrlanuvchilar-nogironlarga zararni qoplash summasi belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining ellik foizidan kam boʻlmasligi kerak; Zararni qoplash miqdori hisoblab chiqariladigan ish haqi tarkibiga har qanday bir martalik toʻlovlardan tashqari (foydalanilmagan mehnat taʼtili uchun kompensatsiya, ishdan boʻshatish vaqtidagi nafaqa va boshqalar) ish vaqtidan ortiqcha, dam olish va bayram kunlari hamda oʻrindoshlik asosida ishlaganlik uchun toʻlovlar hisobga olinadi. Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik hamda homiladorlik va tugʻish munosabati bilan beriladigan taʼtil davri uchun toʻlanadigan nafaqa hisobga olinadi. Yetkazilgan zararni qoplash miqdorini belgilashda oʻrtacha oylik ish haqini hisoblash Qoidalarning 11—21-bandlariga muvofiq amalga oshiriladi.