Oʻzbekiston Respublikasi FKning 163-moddasi talabiga muvofiq, xodimning mehnat vazifalarini bajarish vaqtida ularga yetkazilgan shikastlar yoki boquvchining vafot etganligi munosabati bilan toʻlanadigan zararni undirish haqidagi talablarga daʼvo muddati tatbiq qilinmasligiga sudlarning eʼtibori qaratilsin. Qayd etilganlarga koʻra, daʼvo qilish muddati oʻtkazib yuborilgan degan asos bilan arizani qabul qilmaslikka, shuningdek daʼvoni rad qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Mehnat jarohati tufayli kasb layoqati yoʻqotilgandan yoki boquvchining vafotidan soʻng uch yildan keyin keltirilgan daʼvo talablari, ariza berilgan kunidan oldingi koʻpi bilan uch yil boʻyicha qondiriladi. Sudlar yetkazilgan zarar summasini aniqlashda Qoidalarning 50-bandida nazarda tutilgan quyidagi tartibga amal qilishlari kerak: a) jabrlanuvchilarga — ular mehnat jarohati oqibatida kasb boʻyicha mehnatga layoqatini toʻliq yoki qisman yoʻqotgan kundan boshlab; b) boquvchining vafoti tufayli zarar toʻlovini olish huquqiga ega boʻlgan fuqarolarga — boquvchining vafot etgan kunidan, ammo faqat zarar toʻlovini olish huquqiga ega boʻlingan vaqtdan boshlab toʻlanadi.