Agar shaxs qonunga xilof ravishda chet elga chiqish, qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasiga kirish yoki qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan oʻtish paytida boshqa jinoyatlar (hujjatlarni qalbakilashtirish, qalbaki hujjatlardan foydalanish, kontrabanda, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish, bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish va boshqalar) sodir etgan boʻlsa, aybdorning harakatlari sodir etilgan jinoyatlar majmui boʻyicha kvalifikatsiya qilinishi lozim. Chegarachilar naryadi tarkibida boʻlgan shaxs tomonidan chegara xizmatini oʻtash qoidalarini buzish, agar bu qilmish qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan oʻtishga olib kelgan boʻlsa, JK ning 294-moddasi ikkinchi qismi “a” bandi bilan kvalifikatsiya qilinadi va JK ning 223-moddasi bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya qilinishini talab etmaydi.