“Xoʻjalik yurituvchi subyektlar Faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Qonunini iqtisodiy sudlar amaliyotida qoʻllashning ayrim masalalari haqida 11-band. Shartnoma majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun, agar…

Shartnoma majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun, agar qonun hujjatlari yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, javobgarlik qarzdorning aybi boʻlsagina qoʻllaniladi. Qarzdor majburiyatni lozim darajada bajarishi uchun oʻziga bogʻliq boʻlgan hamma choralarni koʻrganligini isbotlasa, u javobgarlikdan ozod qilinadi ( FKning 333-moddasi ). Shartnoma tuzilganligi va uning mazmuni dalillar bilan isbotlangan hollarda sudlar kreditorning talabi bilan qonuniy neustoykani ( FKning 263-moddasi ) hamda majburiyatlar bajarilmaganligi yoxud lozim darajada bajarilmaganligi tufayli yetkazilgan zararni ( FKning 324-moddasi ) undirib berishga haqlidirlar. Sudlar majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik choralarini qoʻllashda neustoyka avvalo, majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik oqibatida yetkazilgan zararni qoplash uchun qoʻllanilishiga ahamiyat bermoqlari lozim. Shu sababli, bu toifadagi ishlarni koʻrishda shartnoma majburiyatlarini buzganlik oqibatida kreditorga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash choralarini koʻrishlari, zarur hollarda taraflarning iltimosnomalari bilan sud ekspertizasi tayinlashlari va natijalari boʻyicha yetkazilgan zarar va neustoykaning mutanosibligidan kelib chiqqan holda, neustoyka miqdorini aniqlash va qoʻllash masalasini hal etishlari lozim.