“Xoʻjalik yurituvchi subyektlar Faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Qonunini iqtisodiy sudlar amaliyotida qoʻllashning ayrim masalalari haqida 5-band. Xoʻjalik shartnomalarini haqiqiy emas deb topish, bekor qilish haqidagi nizolarni hal…

Xoʻjalik shartnomalarini haqiqiy emas deb topish, bekor qilish haqidagi nizolarni hal etishda sudlar Qonunning 10-moddasida koʻrsatilgan shartlar koʻzda tutilgan yoki tutilmaganligiga alohida eʼtibor qaratib, bu shartlarning koʻrsatilmasligi shartnoma shartlari bir taraf tomonidan bajarilmagan hollarda uni javobgarlikka tortish uchun huquqiy asoslarni qoʻllashda majburiyatni bajargan insofli tarafni himoya qilish vositalarining kamayishiga olib kelishini inobatga olishlari hamda bunday shartnomani tuzgan mansabdor shaxslarning tegishli ravishda javobgarlikka tortilishiga asos boʻlishini eʼtiborga olishlari zarur. Ammo, bu shartlarning shartnomalarda koʻrsatilmasligi shartnomani haqiqiy emas, deb topishga asos boʻla olmaydi. Shartnomada qonun hujjatlarida koʻrsatilgan yoki taraflardan birining talabiga koʻra kelishib olinishi zarur boʻlgan barcha shartlar, yaʼni asosiy shartlar koʻrsatilmagan boʻlsa va ularni belgilash uchun imkoniyat boʻlmasa, shartnoma tuzilgan, deb hisoblanmaydi. Bunday holda kelib chiqqan nizolar boʻyicha sudlar shartnomaning yozma shakliga rioya qilinmasdan (ogʻzaki kelishuv asosida) majburiyatlar bajarilishiga oid qoidalarni qoʻllashga haqlidirlar.