Oʻzgalar mulkini oʻgʻrilik, talonchilik va bosqinchilik bilan talon-toroj qilish jinoyat ishlari boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 8-band. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining 1998-yil 17-apreldagi “Iqtisodiyot sohasidagi…

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining 1998-yil 17-apreldagi “Iqtisodiyot sohasidagi jinoiy ishlar boʻyicha sud amaliyotida yuzaga kelgan ayrim masalalar toʻgʻrisida”gi 11-son Plenum qarorining 5-bandiga muvofiq oʻzganing mulkini talon-toroj qilishdan iborat boʻlgan aybdorning harakatlariga huquqiy baho berishda uning sodir etilishi usulidan (oʻgʻrilik, talonchilik, bosqinchilik) qatʼi nazar jinoyat Jinoyat kodeksi moddasining ogʻirroq jazoni koʻzda tutuvchi qismi bilan tavsiflanishi lozim va ushbu moddaning boshqa qismlari bilan qoʻshimcha tavsiflanishi talab etilmaydi. Masalan, jinoyat JK 169-moddasi 4-qismi bilan juda koʻp miqdorda talon-toroj qilish belgisi boʻyicha kvalifikatsiya qilinganda, JK mazkur moddasining 1 , 2 va 3-qismlari bilan qoʻshimcha kvalifikatsiya talab etilmaydi. Davomli talon-toroj sodir etilgan hollarda aybdorning harakatlari talon-toroj qilingan umumiy summani hisobga olgan holda tavsiflanishi zarur. Agar shaxsning harakatlari davomli jinoyat xususiyatiga ega boʻlmasdan bir necha mustaqil epizodlardan misol uchun, oʻgʻrilik, talonchilik, bosqinchilik va boshqalardan iborat boʻlsa, bu harakatlar talon-toroj qilingan umumiy summadan kelib chiqqan holda tavsiflanishi mumkin emas. Bunday hollarda jinoyatni oʻzganing mulkini talon-toroj qilganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari dispozitsiyasiga muvofiq, jumladan takroriylik belgisi bilan tavsiflash lozim.