Qasddan odam oʻldirishga oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 16-band. Bezorilik oqibatida, yaʼni jamiyatga va umum eʼtirof etilgan axloq qoidalariga roʻy-rost…

Bezorilik oqibatida, yaʼni jamiyatga va umum eʼtirof etilgan axloq qoidalariga roʻy-rost hurmatsizlik zamirida sodir etilgan (masalan, hech bir sababsiz yoki arzimagan sabab tufayli) qasddan odam oʻldirish JK 97-moddasi ikkinchi qismining “l” bandi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunda aybdorning feʼl-atvorida jamoat tartibiga oshkora boʻysunmaslik, atrofdagilarga nisbatan oʻzini qarshi qoʻyish, bepisandlik namoyish etish istagi mavjud boʻladi. Bu holda aybdorning harakatlarini Jinoyat kodeksining 277-moddasi boʻyicha qoʻshimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi. Agar jamoat tartibini qoʻpol ravishda buzish va jamiyatga nisbatan ochiqdan-ochiq hurmatsizlik bildirish, shuningdek, oʻzganing mol-mulkini yoʻq qilish yoki unga shikast yetkazish bilan bogʻliq harakatlar aybdor tomonidan bezorilik oqibatida odam oʻldirish jinoyatidan soʻng qasddan sodir etilgan boʻlsa, qilmish JK 97-moddasi ikkinchi qismining “l” bandi hamda Jinoyat kodeksi 277-moddasining tegishli qismlari bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak. Bezorilik oqibatida qasddan odam oʻldirish jinoyatini oʻzaro janjal yoki urushish oqibatida sodir etilgan qotillikdan (JK 97-moddasi birinchi qismi ) farqlash uchun urush-janjal tashabbuskori kim ekanligini, nizo odam oʻldirishda bahona sifatida foydalanish maqsadida aybdor tomonidan ataylab uyushtirilgan-uyushtirilmaganligini aniqlash lozim. Agar urush-janjal jabrlanuvchi tomonidan boshlangan boʻlsa yoki nizoga uning gʻayrihuquqiy xulq-atvori sabab boʻlgan boʻlsa, aybdor bezorilik oqibatida odam oʻldirish jinoyati uchun javobgar boʻlmaydi.