Bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh aʼzosi tomonidan yoxud oʻsha guruh manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan qasddan odam oʻldirish jinoyatini JK 97-moddasi ikkinchi qismining “p” bandi bilan kvalifikatsiya qilishda, har qaysi ishtirokchining jinoyatda ishtirok etganlik darajasi va xususiyatini aniqlash, oldindan til biriktiruv boʻlgan-boʻlmaganligini va ular oʻrtasida vazifalar oʻzaro taqsimlangan-taqsimlanmaganligini sinchiklab tekshirish lozim. Jabrlanuvchiga nisbatan zoʻrlik ishlatib, uni hayotdan mahrum qilish jarayonida bevosita ishtirok etgan ikki yoki undan ortiq shaxsning harakatlari JK 97-moddasi ikkinchi qismining “p” bandi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Bunda oʻlimga sabab boʻlgan shikast ishtirokchilarning har biri tomonidan yetkazilgan boʻlishi shart emas (masalan, ishtirokchilardan biri jabrlanuvchining qarshiligini bartaraf etib, uni oʻzini himoya qilish imkoniyatidan mahrum etgan, boshqasi esa, unga halok etuvchi shikast yetkazgan). Qasddan odam oʻldirishda bevosita ishtirok etmagan hamda jabrlanuvchiga nisbatan jismoniy zoʻrlik ishlatmagan, biroq oʻzgalar tomonidan qotillik sodir etilishida koʻmaklashgan boshqa shaxslarning harakatlari Jinoyat kodeksi 28 , 97-moddasining tegishli qismi boʻyicha kvalifikatsiya qilinadi. Odam oʻldirish uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan deb topilgan taqdirda, jinoyat barcha ishtirokchilarining harakatlari, ularning jinoyatni amalga oshirishdagi rolidan qatʼi nazar, Jinoyat kodeksining 28-moddasiga havola qilinmagan holda 97-moddasining tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Qasddan odam oʻldirish ishtirokchilikda sodir etilganda, jinoyat subyektini tavsiflovchi kvalifikatsiya belgilari (qotillik oʻta xavfli retsidivist yoki ilgari ham qasddan odam oʻldirgan shaxs tomonidan sodir etilganligi) faqat ushbu belgilar bevosita taalluqli boʻlgan ishtirokchilarning harakatlarini kvalifikatsiya qilishda eʼtiborga olinishi lozim.