Ikki yoki undan ortiq odamni qasddan oʻldirgan aybdorning harakatlari, basharti bu jinoyat yagona qasd bilan sodir etilmagan va, odatda, turli vaqtda sodir etilgan boʻlsa, JK 97-moddasi ikkinchi qismining “r” bandi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Qasddan odam oʻldirish jinoyatini takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan, deb kvalifikatsiya qilish uchun aybdor ilgari tamom boʻlgan qotillik jinoyati yoki odam oʻldirishga suiqasd sodir etganligining, jinoyatning bajaruvchisi yoki boshqa ishtirokchisi boʻlganligining ahamiyati yoʻq. Agar muqaddam sodir etilgan qasddan odam oʻldirish jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallangan yoki qonunda belgilangan tartibda olib tashlangan boʻlsa, shuningdek, agar qotillik jinoyati sodir etilgan paytga kelib ilgarigi jinoyat uchun jinoiy javobgarlikka tortish muddatlari oʻtgan boʻlsa, qilmish JK 97-moddasi ikkinchi qismining “r” bandi bilan kvalifikatsiya qilinishi mumkin emas.