Qonunga xilof ravishda qurolga egalik qilish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud amaliyoti haqida 3-band. Bunday ishlarni tergov qilish va sudda koʻrish chogʻida oʻqotar qurolni, oʻq-dorilarni…

Bunday ishlarni tergov qilish va sudda koʻrish chogʻida oʻqotar qurolni, oʻq-dorilarni, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini olish, tayyorlash manbalarini aniqlash lozim. Oʻqotar qurolni, oʻq-dorilarni, oʻqotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalari saqlanayotgan obyektlarni qoʻriqlashda mansab sovuqqonligiga yoʻl qoʻyilganlik hollari yoxud oʻqotar qurol yoki unga oʻq-dorilar tayyorlangan asbob-uskunalardan foydalanish ustidan tegishli nazoratning boʻlmaganligi aniqlangan taqdirda sudlar xususiy ajrim chiqarish yoʻli bilan oʻzlarining munosabatlarini bildirishlari, zarur hollarda esa, jinoyat ishi qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda prokurorga xabar qilishlari shart. Ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya hududiy boshqarmalari faoliyatida aholi qoʻlida qonunga xilof ravishda saqlanayotgan oʻqotar qurollarni olish va ularni roʻyxatdan oʻtkazish borasida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar ham sudlarning eʼtiboridan chetda qolmasligi lozim.