Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrishda iqtisodiy protsessual qonun hujjatlarini qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 1-band. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb…

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 328-moddasining birinchi qismiga muvofiq, sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisida ariza faqat ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan berilishi mumkin. Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning huquqiy vorislari (IPK 46-moddasi ), shuningdek, sud jarimasi solingan shaxslar (IPK 58 , 69 va 98-moddalari ) ham shunday huquqqa egadir. Ishda ishtirok etuvchi prokuror ishda ishtirok etuvchi shaxs hisoblanganligi bois, u ham oʻzi ishtirok etgan ish boʻyicha qabul qilingan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilishi mumkin. Ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslar, ularning qonuniy huquq va majburiyatlariga daxldor sud hujjatlari qabul qilingan taqdirda, shu asosda qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi ariza berishga haqli emas, bunday holatda ular faqat sud hujjatlari ustidan apellyatsiya yoki kassatsiya yoxud taftish tartibida shikoyat berishi mumkin. Bunday shaxslar qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat etganida arizani qabul qilish IPK 268-moddasi birinchi qismining 1-bandi yoki 291-moddasi birinchi qismining 1-bandi yoxud 316-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda rad etiladi, agar ariza ish yuritishga qabul qilingan boʻlsa, ariza boʻyicha ish yuritish IPK 273-moddasi birinchi qismining 3-bandi yoki 296-moddasi birinchi qismining 3-bandi yoxud 324²-moddasi birinchi qismining 1-bandiga mos holda tugatiladi. Iqtisodiy sudlar oʻzlari qabul qilgan sud hujjatlarini oʻz tashabbusi bilan yangi ochilgan holatlar boʻyicha qayta koʻrishi mumkin emas.