JPK 306-moddasiga koʻra, mulkiy ziyon miqdorini aniqlash majburiyati sud, reabilitatsiya etish toʻgʻrisida qaror chiqargan prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchiga yuklatilgan boʻlib, mulkiy ziyonni undirish toʻgʻrisidagi arizaga yetkazilgan ziyon miqdori haqidagi maʼlumotlarning ilova qilinmaganligi ushbu arizaning qaytarilishi yoki rad qilinishiga asos boʻlmaydi. Sud, reabilitatsiya etish toʻgʻrisida qaror chiqargan prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi reabilitatsiya etilgan shaxsga yetkazilgan ziyon miqdorini aniqlash choralarini koʻrishi, buning uchun moliya organlaridan va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi boʻlimlaridan hisob-kitob talab qilib olishi, zarurat tugʻilganda mutaxassis jalb qilishi lozim.