Reabilitatsiya etilgan shaxsga yetkazilgan ziyonni qoplash va uning boshqa huquqlarini tiklash boʻyicha sud amaliyotining ayrim masalalari toʻgʻrisida 18-band. JPKning 310-moddasiga koʻra, qonunga xilof ravishda hukm qilingani, qonunga xilof…

JPKning 310-moddasiga koʻra, qonunga xilof ravishda hukm qilingani, qonunga xilof ravishda tibbiy muassasaga joylashtirilgani, ehtiyot chorasi tariqasida qonunga xilof ravishda qamoqqa olingani yoki uy qamogʻiga joylashtirilgani, qonunga xilof ravishda ushlab turilgani tufayli ishdan (lavozimidan) ozod qilingan yoki ishda ayblanuvchi, sudlanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinishi munosabati bilan lavozimidan qonunga xilof ravishda chetlashtirilgan shaxs oldin ishlagan ishiga (lavozimiga) tiklanishi lozim, korxona, muassasa, tashkilot tugatilgan yoki qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslar uni oldingi ishlab turgan ishiga (lavozimiga) tiklash imkoniyatini bermagan taqdirda unga avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) berilishi lozim. Reabilitatsiya etilgan shaxsning qonunga xilof ravishda ehtiyot chorasi tariqasida qamoqda saqlangan yoki uy qamogʻida boʻlgan vaqti, jazo oʻtagan vaqti, lavozimidan chetlashtirilganligi tufayli ishlamay yurgan vaqti, tibbiy muassasada saqlangan vaqti umumiy mehnat stajiga va ixtisoslik boʻyicha ish stajiga qoʻshiladi. Qonunga xilof ravishda hukm etilgani, ehtiyot chorasi tariqasida qamoqda saqlangani yoki uy qamogʻiga joylashtirilgani, ushlab turilgani yoki tibbiy muassasaga joylashtirilgani tufayli oʻquv yurtidan haydalgan shaxs iltimosiga koʻra oʻqishga tiklanishi shart. Qonunga xilof ravishda hukm etilgani yoki tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgani tufayli uy-joydan foydalanish huquqidan mahrum boʻlgan shaxsga ilgari u egallab turgan uy-joy qaytariladi, basharti uni qaytarib berishning imkoni boʻlmasa, oʻsha aholi punktining oʻzida avvalgisiga teng qulayliklarga ega boʻlgan uy-joy beriladi. Qonunga xilof ravishda hukm qilinganligi yoki ishda ayblanuvchi, sudlanuvchi sifatida ishtirok etishga jalb qilinganligi munosabati bilan pasportining (harakatlanish hujjatining) amal qilishi toʻxtatib turilgan hollarda sud oʻz qarorida pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishi tiklanishini koʻrsatadi.