Ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 10-band. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud…

Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud majlisi JPK 575-moddasida belgilangan tartibda olib boriladi. Sud majlisida prokuror va himoyachining ishtiroki shart. Sud majlisiga jabrlanuvchilar, fuqaroviy daʼvogarlar, fuqaroviy javobgarlar, guvohlar, qonuniy vakillar, shuningdek ekspertlar chaqirilishi kerak. Sud ekspert-psixiatrning fikrini inobatga olgan holda sud majlisiga unga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash masalasi qoʻyilgan shaxsni (u jabrlanuvchi yoki guvohlar tomonidan tanib olinishi uchun, sud-psixiatriya ekspertizasi xulosasi toʻgʻriligi yuzasidan shubha tugʻilgan holda va h.k.) chaqirishi mumkin. Bunda shuni inobatga olish lozimki, JPK 95-moddasiga koʻra, bunday shaxsning koʻrsatuvlari ish boʻyicha dalil manbai sifatida tan olinishi mumkin emas.