Sudlarning eʼtibori ushbu turkumdagi jinoyat va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda tergov va soliq organlarining jinoyatni har taraflama va xolisona tergov qilish, unga aloqador boʻlgan barcha shaxslarni aniqlash va javobgarlikka tortish, maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi materiallarni toʻliq boʻlishligi toʻgʻrisidagi protsessual qonun normalariga ogʻishmay amal qilishlari ustidan talabchanlikni kuchaytirish zarurligiga qaratilsin. Fuqarolarning asossiz ravishda maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi, ularga tegishli mulkni qonunga xilof tarzda xatlash yoki olib qoʻyish hollariga jiddiy munosabat bildirilsin. Har bir qonun buzilishi, jinoyatda qatnashgan barcha shaxslarni javobgarlikka tortilmaganligi fakti boʻyicha mansabdor shaxslarning javobgarligi toʻgʻrisidagi masala hal etilsin, savdo sohasidagi huquqbuzarliklarga imkon bergan sabab va sharoitlar sinchiklab oʻrganilsin, xususiy ajrim chiqarish yoʻli bilan ularni bartaraf etish choralari koʻrilsin. 13¹. Surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sudlar Jinoyat kodeksining 13-moddasida nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsning ahvolini yaxshilaydigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega ekanligi haqidagi talablarni ogʻishmay bajarishlari lozim. Tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” gi Qonunining (bundan buyon matnda-Qonun) 5-moddasi quyidagi: jinoyat ishlari surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sudning ish yurituvida (birinchi, apellyatsiya, kassatsiya, taftish instansiyalarida) boʻlgan; sudlanganlik holati tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.