Haq olish evaziga tovarlarni yoki mahsulot ishlab chiqaruvchilarni bozorga erkin kirib kelishiga toʻsqinlik qiluvchi, oʻta yuqori narxlarni sunʼiy ravishda saqlab turuvchi bozorlar, savdo komplekslari maʼmuriyatining mansabdor shaxslari hamda oʻz faoliyatini savdo sohasida amalga oshiruvchi boshqa mansabdor shaxslar tashkilotning ustav fondida davlat ulushi bor-yoʻqligidan kelib chiqqan holda Jinoyat kodeksining 210-moddasi boʻyicha poraxoʻrlik yoki 192⁹-moddasi boʻyicha tijoratda pora evaziga ogʻdirib olish uchun javobgarlikka tortiladilar. Qayd etilgan harakatlar haq olish bilan bogʻliq boʻlmay, fuqarolarning huquqlari va manfaatlariga koʻp miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazgan boʻlsa, ularni ish holatlariga qarab Jinoyat kodeksining 205-moddasi bilan mansab vakolatini suiisteʼmol qilish yoxud Jinoyat kodeksining 206-moddasi bilan hokimiyat yoki mansab vakolatidan chetga chiqish yoinki, tashkilotning ustav fondida davlat ulushi boʻlmagan taqdirda, Jinoyat kodeksining 192¹¹-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Xoʻjalik yurituvchi subyektdan bir martalik yoki boshqa yigʻimlar uchun belgilangan miqdordan ortiq pul mablagʻlari olgan bozor, savdo komplekslari maʼmuriyatining xizmatchilari qonunga xilof ekanligini bila turib, mulkiy manfaatdor boʻlganligi uchun Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 61¹-moddasi ikkinchi qismi yoki 193²-moddasi bilan maʼmuriy javobgarlikka tortilishi kerak. Oʻsha harakatlar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa, shaxs Jinoyat kodeksi 192¹⁰-moddasining ikkinchi qismi yoki 214-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi lozim.