“Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 12¹-moddasida , sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan, dispanser hisobida turgan hamda tibbiy tekshiruvdan va (yoki) davolanishdan boʻyin tovlayotgan shaxs sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimiga sudning hal qiluv qarori asosida gʻayriixtiyoriy tartibda yotqizilishi belgilanganligiga sudlarning eʼtibori qaratilsin. Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan shaxsni sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimiga gʻayriixtiyoriy tartibda yotqizish toʻgʻrisidagi ariza ushbu muassasa tibbiy komissiyasining tibbiy tekshiruvdan va (yoki) davolanishdan boʻyin tovlayotgan mazkur shaxsni gʻayriixtiyoriy tartibda yotqizish zarurligi haqidagi xulosasi qabul qilingan kundan eʼtiboran bir sutka ichida beriladi. Ariza sudga shaxs dispanser hisobida turgan yoki davolanayotgan yoxud uning yashash (turgan) joyidagi sil kasalligiga qarshi kurash muassasasi tomonidan beriladi.