FKning 128-moddasida koʻzda tutilgan bitimning bir qismi deganda, bitimning mazmuniga taalluqli bir yoki bir necha shartlarning mavjud boʻlmaganligi ushbu bitimni amalga oshirish imkoniyatini istisno qilmasligi tushuniladi. Qonun talablariga koʻra, jiddiy ahamiyatga ega boʻlgan va ular mavjud boʻlmaganda bitimning qolgan shartlari bitim ishtirokchilari uchun huquq va majburiyatlar keltirib chiqarmaydigan shartlar bundan mustasno. Bitimning bir qismi haqiqiy sanalmasligi uning oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmaganligidan, shuningdek, undagi muayyan shartlarning FKda belgilangan bitimlarning haqiqiy emasligi toʻgʻrisidagi asoslar boʻyicha nizolashuvi oqibatida kelib chiqishi mumkin. FKning 119 — 121-moddalaridagi asoslar boʻyicha bitimning bir qismi haqiqiy sanalmasligi nizolashilganda bu uning butunlay haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, bitimning bir qismi haqiqiy sanalmasligi uning boshqa qismlarining haqiqiy sanalmasligiga sabab boʻlmasligi qonunda alohida koʻrsatilishi mumkin. Bunga FK majburiyatning bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi (garov, kafillik, kafolat kabi) kelishuvning haqiqiy emasligi majburiyatning (asosiy majburiyat) haqiqiy emasligiga olib kelmasligi toʻgʻrisidagi qoidalarini misol qilib keltirish mumkin.