Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, sudlanganlik holati tugallanishi va olib tashlanishi muddatlarini toʻgʻri hisoblash uchun sudlanuvchining shaxsiga oid maʼlumotlarni oʻrganish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda, ishni sudda koʻrish uchun tayinlash chogʻida sudlar ish materiallarida ichki ishlar organlarining axborot markazidan, shu jumladan sudlanuvchining tugʻilgan va doimiy yashash joyidan olingan maʼlumotnomalar mavjudligini tekshirishlari, sudlanuvchiga nisbatan muqaddam chiqarilgan hukmlar, muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish va h.k.lar toʻgʻrisidagi ajrimlarni talab qilib olishlari va sinchiklab oʻrganib chiqishlari lozim. Sudlar hukm chiqarish vaqtida sudlanuvchining sudlanganlik holatiga oid maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sud hukmi toʻgʻrisida”gi 2014-yil 23-maydagi qarorining 15-bandida berilgan tushuntirishlarga rioya etgan holda toʻgʻri aks ettirishlari lozim.