Sudlanganlik holati tugallanishi va olib tashlanishiga oid qonunchilikni qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 3-band. Sudlanganlik holatining jinoyat-huquqiy oqibatlari sudlanganligi tugallanmagan va olib…

Sudlanganlik holatining jinoyat-huquqiy oqibatlari sudlanganligi tugallanmagan va olib tashlanmagan shaxs tomonidan yangi jinoyat sodir etilgan holda kelib chiqadi va quyidagilarda ifodalanadi: sudlanganlik qator hollarda jinoyat kvalifikatsiyasiga taʼsir etuvchi, yaʼni jinoiy javobgarlikni kuchaytiruvchi holat hisoblanadi; sudlanganlik muayyan hollarda shaxsni oʻta xavfli retsidivist deb topilishiga asos boʻladi (JK 34-moddasi ); sudlanganlik, agar shaxs muqaddam ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni oʻtagan boʻlsa, jazoni ijro etish koloniyasi turini belgilash uchun ahamiyat kasb etadi (JK 50-moddasi ); sudlanganlik jazoni ogʻirlashtiruvchi holat sifatida eʼtirof etiladi (JK 56-moddasi ); ilgari sodir etilgan jinoyati uchun jazo oʻtayotgan shaxs tomonidan yangi jinoyat sodir etilgan hollarda, hukmlar majmui boʻyicha jazo belgilashda sudlanganlik qattiqroq qoidalar qoʻllanilishiga sabab boʻladi (JK 60-moddasi ); tugallanmagan va olib tashlanmagan sudlanganlik holatining mavjudligi ayrim asoslar boʻyicha, masalan, aybdor oʻz qilmishiga amalda pushaymon boʻlganligi (JK 66-moddasi ), alohida hollarda esa (ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar uchun sudlanganlik holati mavjud boʻlganda), jinoyat sodir etgan shaxs jabrlanuvchi bilan yarashganligi (JK 66-1-moddasi ) munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilishiga toʻsqinlik qiladi. Sudlanganlik holatining jinoyat-huquqiy oqibati jazodan ozod qilish (JK 71-moddasi ), shartli hukm qilish (JK 72-moddasi ), voyaga yetmagan shaxsga nisbatan majburlov choralarini qoʻllash (JK 87-moddasi ) kabi choralarni qoʻllash uchun moddiy qonunda taqiq mavjudligida ham namoyon boʻladi.