Sudlanganlik holati tugallanishi va olib tashlanishiga oid qonunchilikni qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 4-band. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, qonun sudlanganlik holati barham topishining…

Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, qonun sudlanganlik holati barham topishining faqat ikki usulini — uning tugallanishi va olib tashlanishini nazarda tutadi (JK 77-moddasi toʻrtinchi qismi ). Sudlanganlik holati tugallanishi shaxsning sudlanganligi fakti bilan bogʻliq barcha oqibatlarning jazo turi va muddatidan kelib chiqqan holda JK 78-moddasida nazarda tutilgan muddatlar oʻtganligi natijasida avtomatik tarzda (oʻz-oʻzidan) barham topishini anglatadi. Bunday hollarda sudlanganligi tugallangan shaxs, uning vorisi, qonuniy vakili yoki advokati iltimosiga koʻra mahkumning yashash joyidagi sud tomonidan sudlanganlik holati mavjud emasligi faktini tasdiqlovchi maʼlumotnoma beriladi. Buning uchun manfaatdor shaxs tomonidan sudga taqdim etilgan ichki ishlar organlari axborot markazi maʼlumotnomasi va jazo oʻtalganligi (ijro etilganligi) faktini tasdiqlovchi hujjatlar asos boʻladi. Sudlanganlikning olib tashlanishi undan kelib chiqqan huquqiy oqibatlar sudlanganlik holati barham topishi uchun qonunda belgilangan muddatlar oʻtguniga qadar sud qaroriga asosan tugatilishini anglatadi. Sudlanganlik olib tashlanishi uchun shaxsning jazoni oʻtab chiqqandan keyingi benuqson xulq-atvori (unga nisbatan maʼmuriy jazo yoki intizomiy taʼsir chorasi qoʻllanilmaganligi), jamoat birlashmasi, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organi, jamoa yoki shaxsning oʻzi JK 79-moddasining birinchi , ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan muddatlar oʻtgandan soʻng bergan iltimosnomasi asos boʻlishi mumkin. Qonun sud tartibidan tashqari amnistiya akti yoki afv etish orqali sudlanganlikni olib tashlash imkoniyatini ham nazarda tutadi. Sudlanganlik holatining tugallanishi va qonunda belgilangan tartibda olib tashlanishi jinoyatlar majmui, takroranligini va retsidiv jinoyatni istisno etuvchi holat hisoblanadi.