Sudlar tomonidan er va xotinning umumiy mol-mulkini boʻlish haqidagi ishlarni koʻrishda qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 1-band. Sudlarga tushuntirilsinki, umumiy mol-mulkni boʻlish er va xotinning daʼvosi boʻyicha…

Sudlarga tushuntirilsinki, umumiy mol-mulkni boʻlish er va xotinning daʼvosi boʻyicha nikoh davomida, nikohdan ajratish haqidagi ishni koʻrish bilan bir vaqtda, shuningdek nikoh bekor boʻlgandan keyin ham amalga oshirilishi mumkin. Er-xotinning umumiy mol-mulkini boʻlish haqidagi daʼvo bilan sudga er va xotindan tashqari, ulardan birining umumiy mol-mulkdagi ulushiga undiruvni qaratish zarurati tugʻilgan holatlarda kreditor ham murojaat qilishga haqli. Muomalaga layoqatsiz er yoki xotinning manfaatida umumiy mol-mulkni boʻlish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasini uning vasiysi berishi mumkin (Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda FPK deb yuritiladi) 66-moddasi birinchi qismi ). Vafot etgan er yoki xotinning umumiy mol-mulkdagi ulushini aniqlash va boʻlish haqidagi daʼvo arizasi bilan uning merosxoʻrlari murojaat qilishga haqli (Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi) 1114-moddasi ).