Sudlar tomonidan farzandlikka olish haqidagi ishlar boʻyicha qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 6-band. Sudlarga tushuntirilsinki, farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ishlar farzandlikka…

Sudlarga tushuntirilsinki, farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ishlar farzandlikka oluvchilar (oluvchi), vasiylik va homiylik organlarining vakillari, shuningdek prokuror albatta ishtirok etgan holda koʻrib chiqiladi. Oila kodeksining 155-moddasiga koʻra, oʻn yoshga toʻlgan bolani farzandlikka olishda vasiylik va homiylik organi yoki ishni koʻrish davomida sud tomonidan aniqlanadigan uning roziligi talab etilishini inobatga olib, sud bolaning oʻzini sudda ishtirok etish uchun jalb qilishga haqli. Sud Oila kodeksining 68-moddasi talablariga muvofiq bola oʻzini farzandlikka olinishi masalasida oʻz fikrini shakllantirish va bayon qilishga qodir degan xulosaga kelsa, sud majlisida oʻn yoshga toʻlmagan bolani ham soʻroq qilishi mumkin. Bolaning sudda ishtirok etishi unga noxush taʼsir etishi mumkin deb hisoblashga asoslar mavjud boʻlgan holda, sud ushbu masala boʻyicha vasiylik va homiylik organining fikrini aniqlashi lozim. Agar oʻn yoshga toʻlgan bola sogʻligʻi holatiga koʻra, sud majlisiga kela olmasa (masalan, bola bolalikdan nogiron, harakatlanish imkoniyati cheklangan boʻlsa va h.k.), sud bolaning manfaatlaridan kelib chiqib, uning farzandlikka olish boʻyicha fikrini uning yashash (turar) joyi boʻyicha aniqlashi mumkin. Agar farzandlikka olish haqidagi ariza berilgunga qadar bola farzandlikka oluvchilar (farzandlikka oluvchi)ning oilasida tarbiyalanayotgan boʻlsa va ularni (uni) oʻz ota-onasi deb tan oladigan boʻlsa, sud ishni oʻn yoshga toʻlgan bolaning ishtirokisiz koʻrishga haqli (Oila kodeksining 156-moddasi).