Sudlar tomonidan farzandlikka olish haqidagi ishlar boʻyicha qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 9-band. Tushuntirilsinki, Oila kodeksining 159-moddasiga muvofiq bolani farzandlikka olish uchun…

Tushuntirilsinki, Oila kodeksining 159-moddasiga muvofiq bolani farzandlikka olish uchun bola ota-onasining roziligi talab etiladi. Ota-ona bolaning muayyan bir shaxs (shaxslar) tomonidan farzandlikka olinishiga rozilik bildirilishi yoki farzandlikka oluvchilarni tanlash ixtiyorini vasiylik va homiylik organiga havola qilishlari mumkin. Oila kodeksining 72-moddasiga koʻra voyaga yetmagan ota-ona oʻn olti yoshga toʻlishlari bilan ota-onalik huquqlarini mustaqil amalga oshirishga haqli ekanliklarini inobatga olgan holda oʻn olti yoshga toʻlmagan ota-onaning bolasi farzandlikka olinayotganda ularning roziligidan tashqari ota-ona qonuniy vakillarining, qonuniy vakillar mavjud boʻlmagan taqdirda esa vasiylik va homiylik organining ham roziligi talab etiladi, Oila kodeksining 160-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Farzandlikka olish toʻgʻrisida qaror chiqarilgunga qadar ota-ona oʻz roziligini qaytarib olishga haqli ekanligini inobatga olib, rozilik Oila kodeksi 159-moddasining 3-qismida belgilangan tartibda tasdiqlangan arizada bayon etilgan boʻlsa, ularning bolani farzandlikka olinishiga roziligini qayta aniqlash talab etilmaydi. Shu bilan birgalikda, sud ishni koʻrish vaqtida ota-ona bolaning farzandlikka olinishiga bergan roziligini qaytarib olgan-olmaganligini aniqlamogʻi lozim.