Protsessual qonun talablariga muvofiq, fuqarolik ishlari boʻyicha isbotlash dalillar aloqadorligi va maqbulligi qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda amalga oshirilishi lozim. Dalillar maqbulligi qoidasi (FPK 74-moddasi ) qonun boʻyicha muayyan isbotlash vositalari bilan tasdiqlanishi shart boʻlgan ish holatlari boshqa hech qanday isbotlash vositalari bilan tasdiqlanishi mumkin emasligini anglatadi (masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 109-moddasida belgilangan bitimning oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik, nizo kelib chiqqanda taraflarni bitim tuzilganligi va uning shartlarini tasdiqlash maqsadida guvohlar koʻrsatuviga tayanish huquqidan mahrum qiladi). Dalillar aloqadorligi qoidasi (FPK 73-moddasi ) sud tomonidan, faqat nizo predmetiga aloqador holatlarni tasdiqlovchi dalillar koʻrishga qabul qilinishi mumkinligini anglatadi. Shunga koʻra, sudlar barcha hollarda, aynan qaysi holatlar ish boʻyicha ahamiyatga ega ekanligini va guvohlar koʻrsatuvlari, yozma, raqamli yoki ashyoviy dalillar bilan tasdiqlanishi mumkinligini aniqlab olishlari lozim.