Har bir dalil aloqadorlik, maqbullik va ishonchlilik nuqtai nazaridan, dalillar majmui esa — yetarlilik nuqtai nazaridan baholanishi lozim. Dalillarga baho berish mantiqiy, haqiqiy holatga muvofiq boʻlishi, baho berish natijalari esa, sud hujjatida aks ettirilishi lozim. Agar sud hujjat qalbaki degan xulosaga kelsa, uni dalillar qatoridan chiqaradi. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, FPK 80-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq, hech bir dalil sud uchun oldindan belgilab qoʻyilgan kuchga ega emas. Dalil, agar u ishning haqiqiy holatlariga muvofiq boʻlsa, sud tomonidan qabul qilinadi, yoki, agar ularga muvofiq boʻlmasa, rad qilinadi. Biror-bir dalilni uning ishonchsizligi sababli rad etganda, sud shu masala boʻyicha oʻz nuqtai nazarini asoslashi shart. Ekspert (ekspertlar komissiyasi) xulosasi ham sud uchun oldindan belgilab qoʻyilgan kuchga ega emas va ish boʻyicha boshqa dalillar majmuida baholanishi lozim. Ekspert (ekspertlar komissiyasi) xulosasi bilan kelishmasa, sud oʻzining kelishmasligi sabablarini sud hujjatida asoslashi shart.