Sudlar tomonidan fuqarolik ishlari boʻyicha dalillar va isbotlashga oid qonun normalarini qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 3-band. Guvohlarni soʻroq qilish sud tomonidan FPK 229 — 231-moddalarida belgilangan tartibda…

Guvohlarni soʻroq qilish sud tomonidan FPK 229 — 231-moddalarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Guvohlarning sud tomonidan dalillarni taʼminlash yoki sud topshirigʻi tartibida, shuningdek notarius tomonidan dalillarni taʼminlash tartibida (Oʻzbekiston Respublikasining “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonuni 70²-moddasi) olingan koʻrsatuvlari sud majlisida oʻqib eshittiriladi. Taraflar, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar iltimosiga yoki sudning tashabbusiga koʻra, ishni koʻrayotgan sud joylashgan joydan boshqa yerda yashovchi guvohlar sud topshirigʻi tartibida yoki videokonferensaloqa vositalaridan foydalanish orqali soʻroq qilinishlari mumkin. Shuni nazarda tutish lozimki, fuqarolik ishi boʻyicha vakil yoki jinoyat ishi boʻyicha himoyachi sifatida qatnashgan shaxs vakil yoki himoyachi vazifasini bajarganligi munosabati bilan unga maʼlum boʻlgan holatlar toʻgʻrisida, shuningdek jismoniy va ruhiy nuqsonlari sababli faktlarni toʻgʻri idrok qilishga yoki ular toʻgʻrisida toʻgʻri koʻrsatuvlar berishga layoqatsiz shaxs guvoh boʻla olmaydi. Shu bilan birga ishda ishtirok etuvchi shaxslarga nisbatan qarindoshligi, xizmat boʻyicha yoki boshqa qaramligi yoxud shaxsiy adovati borligi shaxsning ishda guvoh sifatida qatnashishiga toʻsqinlik qilmaydi. Mazkur holatlar sud tomonidan guvoh koʻrsatuvlarini baholashda eʼtiborga olinishi lozim.