FPK 87-moddasiga koʻra, yozma dalillar sudga, qoida tariqasida, asl nusxada yoki tegishli tarzda tasdiqlangan koʻchirma nusxada taqdim etiladi. Agar hujjatning koʻchirma nusxasi taqdim etilgan boʻlsa, sud zarur hollarda, uning aslini talab qilib olishga haqli. Agar koʻrib chiqilayotgan ishga hujjatning faqat bir qismi taalluqli boʻlsa, uning tasdiqlangan koʻchirma nusxasi taqdim etilishi mumkin. Ishga hujjatning aslini qoʻshib qoʻyish imkoni boʻlmagan hollarda, sudya hujjatning koʻchirma nusxasi ustiga uning asliga mosligi toʻgʻrisida belgi qoʻyadi. Imzosiz xatlarda keltirilgan, shuningdek kelib chiqishi nomaʼlum boʻlgan yoki qonun buzilgan holda olingan maʼlumotlar dalil boʻla olmaydi (FPK 71-moddasining ikkinchi qismi ). FPK 80-moddasining sakkizinchi qismiga koʻra, faqat hujjatning yoki boshqa yozma dalilning koʻchirma nusxasi bilan tasdiqlangan holatlar, basharti taraflar tomonidan taqdim etilgan hujjatning koʻchirma nusxalari oʻzaro bir xil boʻlmasa va hujjatning asl mazmunini boshqa dalillar yordamida aniqlashning iloji boʻlmasa, isbotlangan deb hisoblanmaydi.