Sudlar tomonidan fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish haqidagi ishlarni koʻrish amaliyoti toʻgʻrisida 13-band. Sudlarga tushuntirilsinki, fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz…

Sudlarga tushuntirilsinki, fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha qabul qilinadigan hal qiluv qarori FPKning 23-bobi talablariga muvofiq boʻlishi kerak. Hal qiluv qarorining xulosa qismida arizani qanoatlantirish yoxud rad etish haqidagi xulosa aniq bayon etilishi lozim. Ariza qanoatlantirilganda muomalaga layoqatliligi masalasi koʻrib chiqilgan fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va joyi, yashash manzili va shaxsini identifikatsiya qiluvchi boshqa maʼlumotlar koʻrsatiladi. “Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi Qonunning 13 va 21-moddalari talablariga muvofiq, tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi vasiylik va homiylik sohasidagi vakolatlari doirasida muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaroga homiy yoxud vasiy tayinlash uchun zarur hujjatlarni tayyorlaydi hamda muayyan shaxsning homiy yoxud vasiy etib tayinlanishi mumkinligi toʻgʻrisidagi xulosani tuman (shahar) hokimligiga taqdim etadi. Shundan soʻng, tuman (shahar) hokimining qarori asosida fuqaroga homiy yoxud vasiy tayinlanadi. Shu sababli, sudlar homiy yoxud vasiy tayinlash haqidagi masalani hal qilishga haqli emas. Sudlarning eʼtibori, muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning oʻz vaqtida hisobga olinishini taʼminlash, shuningdek, keyinchalik yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy huquqiy oqibatlarning oldini olish maqsadida hal qiluv qarorining koʻchirma nusxasi u qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay fuqaroning yashash joyidagi tibbiyot birlashmasi huzuridagi vasiylik va homiylik organiga yuborilishi lozimligiga qaratilsin (FPKning 314-moddasi ).