Sudlar tomonidan fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish haqidagi ishlarni koʻrish amaliyoti toʻgʻrisida 14-band. Fuqaroning muomala layoqatini cheklashni va unga nisbatan belgilangan homiylikni bekor…

Fuqaroning muomala layoqatini cheklashni va unga nisbatan belgilangan homiylikni bekor qilish yoki fuqaroni muomalaga layoqatli deb topish va unga belgilangan vasiylikni bekor qilish FKning 30 , 31-moddalari va FPKning 315-moddasiga muvofiq, cheklovga asos boʻlgan holatlar barham topgan taqdirda sud tartibida amalga oshiriladi. Mazkur holatlar sud tomonidan tibbiy maʼlumotnoma, tavsifnomalar, guvohlarning koʻrsatuvlari, ekspertiza xulosasi va boshqa maqbul dalillar asosida aniqlanadi. Fuqaroning muomala layoqatini cheklashni bekor qilish masalasi FPKning 315-moddasiga muvofiq, muomala layoqati cheklangan shaxsning oʻzi, uning homiysi, shuningdek FPKning 310-moddasida sanab oʻtilgan subyektlarning arizasiga asosan koʻrib chiqiladi. Vasiy, shuningdek, FPKning 310-moddasida koʻrsatilgan subyektlar sogʻaygan fuqaroni muomalaga layoqatli deb topish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega. Fuqaroni muomalaga layoqatli deb topish yoki uning muomala layoqatini cheklashni bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza, fuqaroning muomala layoqati cheklanishi yoxud muomalaga layoqatsiz deb topilishi haqidagi qaror qaysi sud tomonidan qabul qilinganidan qatʼi nazar, mazkur fuqaroning yashash joyidagi sudga beriladi va shu sud tomonidan koʻrib chiqiladi. Bunday arizalarni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha sud ilgarigi hal qiluv qarorini bekor qilish masalasini hal etmasdan, fuqaroning muomala layoqatini cheklashni bekor qilish yoki fuqaroni muomalaga layoqatli deb topish hamda unga nisbatan belgilangan homiylik yoki vasiylikni bekor qilish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qiladi.