Sudlar tomonidan fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish haqidagi ishlarni koʻrish amaliyoti toʻgʻrisida 2-band. Fuqaroni muomala layoqati cheklangan deb topish yoki bunday cheklashni bekor qilish hamda…

Fuqaroni muomala layoqati cheklangan deb topish yoki bunday cheklashni bekor qilish hamda fuqaroni muomalaga layoqatsiz yoki muomalaga layoqatli deb topish haqidagi arizalar sud tomonidan alohida ish yuritish tartibida koʻriladigan ishlar toifasiga kiradi va Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining (bundan buyon FK) 30-31-moddalari , Fuqarolik protsessual kodeksining (bundan buyon FPK) 310 — 316-moddalari , “Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi Qonuni , Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22-sentabrdagi 269-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida vasiylik va homiylik toʻgʻrisidagi nizom va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga qatʼiy rioya etilgan holda koʻrib chiqilishi lozim. Sudlar ishni koʻrib chiqishda ish boʻyicha ahamiyatga ega boʻlgan barcha holatlarni har taraflama, toʻliq va xolisona aniqlashi shart (FPKning 15-moddasi ). Sudlar shuni inobatga olishlari lozimki, FKning 23-moddasiga muvofiq, qonunda nazarda tutilgan hollar va tartibdan tashqari hech kimning muomala layoqati cheklanishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Shu munosabat bilan sudlar bunday cheklovlarni qoʻllashda faqat qonunda belgilangan asoslar va tartibga qatʼiy rioya etishlari, har qanday cheklovning qonuniyligi va asosliligini sinchiklab tekshirishlari shart.