Qonunga muvofiq jazo tariqasida tayinlangan jarimani mahkum hukm qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab bir oy, hukm chiqarilgan kunda oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan mahkum esa — olti oy mobaynida ixtiyoriy ravishda toʻlashi lozim. Biroq sud, mahkumning moddiy ahvolini inobatga olib, JPK 533-moddasi ikkinchi qismiga asosan hukmning ushbu qismi ijrosini olti oygacha kechiktirishi yoki boʻlib-boʻlib toʻlash masalasini hal qilishi mumkin. Bunday holda jarimani toʻlash uchun Jinoyat kodeksi 44-moddasining uchinchi qismida va 82-moddasining ikkinchi qismida belgilangan muddatlarning oʻtishi kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) muddati tugagandan soʻng boshlanadi. Sudlarning eʼtibori oʻta xavfli retsidivistlar va oʻta ogʻir jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan hukmning ijrosini kechiktirish mumkin emasligiga qaratilsin.