Axloq tuzatish ishlari, odatda, ish joyida oʻtash sharti bilan tayinlanishi lozim. Shu bilan birga, shaxs oʻz kasb yoki xizmat vazifasini bajarish bilan bogʻliq holda jinoyat sodir etib, uning oldingi ish joyida qoldirilishi jazoning tarbiyaviy ahamiyati pasayishiga olib kelishi mumkin boʻlsa, axloq tuzatish ishlarini ushbu jazo ijrosini amalga oshiruvchi organ tomonidan belgilangan joyda oʻtash tayinlanishi mumkin. Axloq tuzatish ishlari muddatlari hamda aybdorning ish haqidan chegirma miqdori haqidagi masalani hal qilish uchun sudlar sudlanuvchining, ayniqsa voyaga yetmaganlarining moddiy ahvolini aniqlashlari lozim. JK 60-moddasining 5-qismiga koʻra, bir necha hukmlar yuzasidan axloq tuzatish ishlariga yoki xizmat boʻyicha cheklashga hukm qilinib, ish haqi yoki pul taʼminotidan ushlab qolishning har xil miqdori belgilangan hollarda bu jazolarning faqat muddatlari qoʻshiladi. Shunga koʻra, bunday hollarda uzil-kesil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanganida, ish haqi yoki pul taʼminotidan ushlab qolishning eng koʻp boʻlgan miqdori belgilanishi lozim. Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun JK 59-moddasi tartibida jazo tayinlashda ham shu qoidalarga amal qilinishi lozim.