Jinoyat kodeksining 45-moddasiga muvofiq, aybdor oʻzi egallagan lavozim yoki xizmat faoliyati bilan bevosita bogʻliq holda jinoyat sodir etgan har bir holda, sud, jinoyatning xususiyatidan kelib chiqib, mahkumni u yoki bu mansabni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilish masalasini muhokama qilishi shart. Bunday jazoni tayinlash paytida hukmning qaror qismida sudlanuvchi shugʻullanishi mumkin boʻlmagan mansab xarakteri yoki faoliyat turi aniq koʻrsatilishi kerak. Hukm chiqarilayotgan paytda mahkum jinoyat sodir etilishi bilan bogʻliq boʻlgan mansabni egallamasligi yoki faoliyat turi bilan shugʻullanmasligi holati qoʻshimcha jazo qoʻllash uchun toʻsiq boʻlmaydi. Sudlarga tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi JKning 57²-moddasiga asosan, aybga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv tuzilgan jinoyatlar boʻyicha jazo tayinlanishi JKning 45-moddasini qoʻllab, qoʻshimcha jazo qoʻllashni istisno qilmaydi.