Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti toʻgʻrisida 49-band. Sudlar shuni nazarda tutishlar lozimki, JK 59-moddasida belgilangan jinoyatlar majmui…

Sudlar shuni nazarda tutishlar lozimki, JK 59-moddasida belgilangan jinoyatlar majmui boʻyicha jazo tayinlash qoidalari quyidagi hollarda qoʻllaniladi: qilmish Jinoyat kodeksining turli moddalari boʻyicha kvalifikatsiya qilinganda; qilmish Jinoyat kodeksi muayyan moddasining bir necha qismlari bilan kvalifikatsiya qilinganda, basharti ushbu qismlar turli jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutsa (masalan, JK 126¹ , 131 , 228 , 248 , 273-moddalari ); shaxs bir necha aynan oʻxshash qilmishni sodir etgan boʻlib, ulardan ayrimlari tugallangan jinoyat, boshqalari esa — jinoyatga tayyorgarlik, suiqasd tariqasida kvalifikatsiya qilinganda yoki ayrimlari mustaqil, boshqalari esa ishtirokchilikda sodir etilganda; ish boʻyicha hukm chiqarilgandan keyin mahkumning birinchi ish boʻyicha chiqarilgan hukmgacha yana boshqa jinoyatda aybdorligi aniqlanganda. Shaxs Jinoyat kodeksi Maxsus qismi aynan bir moddasining turli qismlarida nazarda tutilgan oʻxshash qilmishni sodir etganlikda aybdor deb topilganda jazo shu moddaning ogʻirroq jazo belgilangan qismi boʻyicha tayinlanadi (JK 33-moddasi ).