Jinoyat kodeksining 60-moddasida nazarda tutilgan bir necha hukmlar boʻyicha jazo tayinlash qoidalari birinchi hukm eʼlon qilinganidan soʻng (shu jumladan, hukm qonuniy kuchga kirgunga qadar), lekin oʻsha hukm boʻyicha tayinlangan asosiy va qoʻshimcha jazolar toʻliq oʻtalganga qadar mahkum tomonidan yangi jinoyatni sodir etilgan hollarda qoʻllaniladi. Ayblov hukmi eʼlon qilingan shaxs tayinlangan asosiy va qoʻshimcha jazoni toʻliq oʻtaguniga qadar yangi jinoyat sodir etsa va ushbu jinoyat uchun jazo tayinlash paytiga kelib, avvalgi hukm boʻyicha tayinlangan jazoni toʻliq oʻtab boʻlsa, uzil-kesil jazo Jinoyat kodeksining 60-moddasi tartibida tayinlanmaydi. Bunday holda, sud ilgari qasddan jinoyat sodir etganligi uchun sudlangandan keyin Jinoyat kodeksining 56-moddasining “n” bandiga asosan sodir etilgan jinoyatni takroran yoki qasddan yangi jinoyat sodir etishi deb, jazoni ogʻirlashtiruvchi holat sifatida inobatga olishi lozim.