Qonunga koʻra, agar mahkumning ahvoli yomonlashmasa va himoyaga boʻlgan huquqi buzilmasa, sud jinoiy qilmishni jinoyat qonunining bitta moddasidan yengilroq jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi bir necha moddasiga qayta kvalifikatsiya qilishga haqli. Bunda jinoyatlar majmui boʻyicha tayinlangan jazo jinoiy qilmish ayblanuvchi sifatida ishga jalb qilish haqidagi qarorda va ayblov xulosasida kvalifikatsiya qilingan Jinoyat kodeksi moddasi sanksiyasida nazarda tutilgan maksimal jazodan ogʻirroq boʻlishi mumkin emas. Ishni apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyalarida koʻrishda ham ushbu qoidani eʼtiborda tutish lozim.