Xodim tashabbusiga koʻra mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi nizolarni koʻrishda sudlar, xodim nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek muddati tugaguniga qadar muddatli mehnat shartnomasini oʻn toʻrt kalendar kun oldin bu haqda ish beruvchini yozma shaklda ogohlantirgan holda bekor qilishga haqli ekanligini eʼtiborga olishlari lozim (MKning 160-moddasi). Xodimning tashabbusiga koʻra mehnat shartnomasini bekor qilish haqida ish beruvchini ogohlantirishning boshqa muddatlari ham mavjud boʻlib, ular MKning 489, 494, 499, 506, 511 va 518-moddalarida koʻrsatilgan. Ogohlantirish muddatining oʻtishi ish beruvchi tomonidan xodimning mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizasi olinganidan soʻng keyingi kunda boshlanadi. Mehnat shartnomasi xodimning tashabbusiga koʻra oʻn toʻrt kalendar kun ogohlantirish muddati tugagunga qadar ham ish beruvchi bilan xodimning kelishuviga koʻra bekor qilinishi mumkin. Bu holatda, mehnat shartnomasiga alohida qoʻshimcha kelishuv tuzish talab etilmaydi. Qonunda belgilangan yoki taraflar kelishuviga koʻra qisqartirilgan ogohlantirish muddati oʻtmasdan xodimning roziligisiz mehnat munosabatlarini bekor qilish ushbu mehnat shartnomasini bekor qilishni gʻayriqonuniy deb topishga va xodimning avvalgi ishiga tiklash haqidagi talabini qanoatlantirishga asos boʻladi. Xodimning ogohlantirish muddati oʻtmasdan oʻzboshimchalik bilan ishni tashlashi u tomonidan mehnat majburiyatlarini buzish deb baholanadi. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, qonunda belgilangan oʻn toʻrt kalendar kunlik ogohlantirish muddati taraflarning kelishuviga koʻra qisqartirilganda ham, mehnat shartnomasi MKning 157-moddasiga (mehnat shartnomasini taraflarning kelishuviga koʻra bekor qilish) asosan emas, balki MKning 160-moddasiga (mehnat shartnomasini xodimning tashabbusiga koʻra bekor qilish) koʻra bekor qilinadi, chunki bu holatda mehnat shartnomasini bekor qilish tashabbusi xodim tomonidan bildirilgan boʻlib, taraflar oʻrtasidagi kel