Ish beruvchi MK 165-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan xodimni ogohlantirish muddatini uning davomiyligiga muvofiq keladigan pulli kompensatsiya bilan almashtirishga haqlidir. Mehnat shartnomasini bekor qilish haqida ogohlantirish oʻrniga xodimga pul kompensatsiyasi toʻlanganlik mehnat shartnomasini bekor qilishda xodimga beriladigan boshqa xil toʻlovlarni (foydalanilmagan barcha asosiy va qoʻshimcha taʼtillar uchun kompensatsiya toʻlash, ishdan boʻshatish nafaqasi, MKning 100-moddasiga binoan ishga joylashish muddatida oʻrtacha ish haqi saqlash va boshqalar) amalga oshirishdan ish beruvchini ozod qilmasligiga sudlarning eʼtibori qaratilsin. Xodim bilan mehnat shartnomasi MK 161-moddasi ikkinchi qismining 1 — 5-bandlari boʻyicha ogohlantirish muddati tugamay pulli kompensatsiyaga almashtirilmasdan bekor qilingan hollarda, sud agar xodimni boshqa sabablarga binoan ishga tiklashga asos boʻlmasa, mehnat shartnomasini bekor qilish sanasini ogohlantirish muddatining tugashiga mos keladigan kunga koʻchirish va xodimga bu vaqt uchun haq toʻlash masalasini hal qiladi.