MK 161-moddasi ikkinchi qismining 4 yoki 5-bandlariga asosan mehnat shartnomasi bekor qilinishining qonuniyligi masalasini muhokama qilishda sudlar ish beruvchi tomonidan intizomiy jazo qoʻllash uchun belgilangan muddatlarga amal qilinganini aniqlaydilar. Intizomiy jazo intizomiy qilmish aniqlanganidan keyin darhol, biroq aniqlangan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay qoʻllaniladi, bunda xodim vaqtincha ishga layoqatsiz boʻlgan yoki taʼtilda boʻlgan davr hisobga olinmaydi. Xizmat tekshiruvi natijasida maʼlum boʻlgan intizomiy qilmishning aniqlangan kuni deb komissiya tomonidan xizmat tekshiruvi natijalari boʻyicha dalolatnoma imzolangan kun hisoblanadi. Intizomiy jazo intizomiy qilmish sodir etilgan kundan eʼtiboran olti oydan kechiktirmay, taftish yoki moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish yoxud auditorlik tekshiruvi natijalariga koʻra esa, u sodir etilgan kundan eʼtiboran ikki yildan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkin. Ushbu muddatlarga jinoyat ishini yuritish vaqti kiritilmaydi. Bunda shuni nazarda tutish lozimki, MK 161-moddasi ikkinchi qismining 4 va 5-bandlari boʻyicha mehnat shartnomasini bekor qilinishiga intizomiy jazolar qoʻllash uchun belgilangan muddatlar oʻtgach, yoʻl qoʻyilmaydi. Nojoʻya xatti-harakat aniqlangan kundan boshlab jazo qoʻllash uchun belgilangan bir oylik muddatni hisoblashda quyidagilarni nazarda tutish lozim: nojoʻya xatti-harakat aniqlanganligi haqida tashkilot rahbari yoki intizomiy jazo berish huquqiga ega boʻlish-boʻlmasligidan qatʼi nazar, uning oʻrinbosari, tarkibiy boʻlinma rahbari yoxud xodim boʻysunadigan boshqa rahbarga maʼlum boʻlgan kun — bir oylik muddatning hisoblanishi boshlanishiga asos boʻluvchi nojoʻya xatti-harakat aniqlangan kun hisoblanadi; qonun talabiga koʻra, intizomiy jazo qoʻllash uchun belgilangan bir oylik muddatga faqat xodim vaqtincha ishga layoqatsiz boʻlgan yoki uning taʼtilda boʻlgan davrlari kirmaydi. Xodimning boshqa sabablarga koʻra ishda boʻlmagani, jumladan dam olish kunlari (otguli)dan foydalang