Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 36-band. MK 161-moddasi ikkinchi qismining 5-bandiga koʻra, mehnat shartnomasi bekor qilinishining…

MK 161-moddasi ikkinchi qismining 5-bandiga koʻra, mehnat shartnomasi bekor qilinishining qonuniyligi haqidagi nizolarni koʻrishda, sud: tashkilotning ichki mehnat tartibi qoidalari qonunda belgilangan tartibda tasdiqlangan-tasdiqlanmaganligi (MKning 296-moddasi); tashkilot mulkdori (vakolatli organi) tashkilot rahbari bilan mehnat shartnomasi tuzgan-tuzmaganligi; mazkur xodimga nisbatan intizom haqidagi nizom yoki ustav talablari tatbiq etilishi-etilmasligini aniqlashi kerak. MKning 162-moddasiga koʻra, xodim oʻz majburiyatlarini bir marta qoʻpol ravishda buzganligi uchun mehnat shartnomasining bekor qilinishiga faqatgina bu nojoʻya xatti- harakatlar: ichki mehnat tartibi qoidalari; MKda nazarda tutilgan hollarda tashkilot mulkdori va rahbari oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasi, shuningdek xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi mehnat shartnomasi; oʻziga nisbatan intizom toʻgʻrisidagi ustavlar va nizomlarning amal qilishi tatbiq etiladigan ayrim toifadagi xodimlarga nisbatan qoʻllaniladigan intizom toʻgʻrisidagi ustavlar hamda nizomlarda aniq koʻrsatib oʻtilgan holdagina yoʻl qoʻyilishiga eʼtiborni qaratish lozim. Agar tashkilotda ichki mehnat tartibi qoidalari boʻlmasa yoki bu qoidalarni qonunda belgilangan tasdiqlash tartibi (MKning 296-moddasi) buzilgan boʻlsa yoxud xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga olib kelishi mumkin boʻlgan mehnat majburiyatlarini bir marta qoʻpol ravishda buzish deb hisoblanishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlar roʻyxati ichki mehnat tartib qoidalarida aniq sanab oʻtilmagan boʻlsa, MK 161-moddasi ikkinchi qismining 5-bandiga koʻra xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.